xo‘jalik protsessual huquqi (darslik)files.tsul.uz/student/5.pdfpredmeti hisoblangan munosabatlar...

529
Loyiha O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI TOSHKENT DAVLAT YURIDIK UNIVERSITETI XO‘JALIK PROTSESSUAL HUQUQI (DARSLIK) TOSHKENT 2016

Upload: others

Post on 19-Feb-2020

34 views

Category:

Documents


0 download

TRANSCRIPT

  • Loyiha

    O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI

    TOSHKENT DAVLAT YURIDIK UNIVERSITETI

    XO‘JALIK PROTSESSUAL HUQUQI

    (DARSLIK)

    TOSHKENT – 2016

  • 2

    Toshkent davlat yuridik universiteti O‘quv-uslubiy kengashining 2016 yil “ ”

    _______dagi ___-sonli majlis bayonnomasi qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.

    UDK

    Xo‘jalik protsessual huquqi / Darslik. Mas’ul muharrir yu.f.d.

    Z.N.Esanova. – Toshkent: TDYuU, 2016. – 536 bet.

    Mualliflar jamoasi:

    yu.f.d., prof. O.Okyulov, yu.f.d., dots. Z.N.Esanova – 1-bob;

    yu.f.d., prof. E.Egamberdiyev, K.S.Avezov – 3-bob;

    yu.f.d., prof. Sh.N.Ruzinazarov – 24-bob;

    yu.f.n., dots. F.X.Otaxonov – 15, 16-bob;

    K.Ubaydilloyev – 17-bob;

    yu.f.n., dots. F.X.Otaxonov, S.F.Otaxonov – 14, 23-bob;

    yu.f.d., prof. M.M.Mamasiddiqov, N.A.Azizov – 7, 9-bob;

    yu.f.n., dots. X.T.Azizov – 21-bob;

    yu.f.n., dots. D.Yu.Xabibullayev – 2-bob;

    yu.f.n. M.P.Kalandarova – 5, 8, 11, 12, 19-bob;

    yu.f.n. M.P.Kalandarova, yu.f.n. dots. M.Azimov – 10-bob;

    K.S.Avezov – 4-bob;

    R.S.Altiev – 6-bob;

    N.A.Azizov – 8, 13;

    N.A.Azizov, M.Berdikulov – 18-bob;

    I.M.Salimova – 22-bob;

    K.Davletova – 20-bob.

    Taqrizchilar:

    Ushbu darslikda xo‘jalik protsessual huquqi tushunchasi, tizimi, prinsiplari, xo‘jalik

    protsessual huquqiy munosabatlar va ularning elementlari, xo‘jalik protsessining asosiy institutlari,

    alohida toifadagi ishlar bo‘yicha ish yuritish xususiyatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan

    bog‘liq ishlarni yuritish, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash, kоrporativ nizolar bo‘yicha ish yuritish,

    xo‘jalik sudi qarorlarini qayta ko‘rish va sud hujjatlarini ijro etish tartibi bilan bog‘liq masalalar,

    shuningdek har bir mavzuga oid kazuslar, asosiy tushunchalar, nazorat uchun savollar o‘rin olgan.

    Darslik bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari, magistratura talabalari, ilmiy tadqiqotchilar,

    professor-o‘qituvchilar, sud, prokuratura, adliya, advokatura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa

    organlar xodimlari, shuningdek keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

    © Mualliflar jamoasi, Toshkent davlat yuridik universiteti. 2016 yil

  • 3

    MUNDARIJA

    KIRISH 4

    ASOSIY TUSHUNCHALAR 6

    1-BOB. Xo‘jalik protsessual huquqi tushunchasi, predmeti va tizimi 14

    2-BOB. Xo‘jalik protsessual huquqining prinsiplari 25

    3-BOB. Xo‘jalik protsessual huquqiy munosabatlar va uning

    elementlari 43

    4-BOB. Xo‘jalik nizolarni sudgacha hal qilishning (talabnoma

    yuborish) tartibi 109

    5-BOB. Xo‘jalik ishlarining taalluqliligi va sudlovliligi 126

    6-BOB. Xo‘jalik protsessida sud xarajatlari.

    Sud jarimalari 166

    7-BOB. Xo‘jalik protsessida protsessual muddatlar 182

    8-BOB. Xo‘jalik protsessida isbotlash va dalillar 191

    9-BOB. Xo‘jalik sudlarida buyruq tartibida

    ish yuritish 216

    10-BOB. Da’vo va himoyaning boshqa vositalari 226

    11-BOB. Sudda xo‘jalik ishlarini qo‘zg‘atish 240

    12-BOB. Ishni sudda ko‘rishga tayyorlash 259

    13-BOB. Ishni sudda ko‘rish 270

    14-BOB. Xo‘jalik sudining hujjatlari 296

    15-BOB. Alohida toifadagi ishlar bo‘yicha ish yuritish xususiyatlari 323

    16-BOB. Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni

    yuritish

    350

    17-BOB. Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni

    yuritish 375

    18-BOB. Korporativ nizolar bo`yicha ish yuritish 407

    19-BOB. Xo‘jalik sudlarida apellyatsiya tartibida

    ish yuritish 421

    20-BOB. Xo‘jalik sudlarida kassatsiya tartibida

    ish yuritish

    439

    21-BOB. Xo‘jalik sudlarida nazorat tartibida

    ish yuritish 453

    22-BOB. Xo‘jalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi

    ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish 465

    23-BOB. Sud hujjatlarini ijro etish 481

    24-BOB. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik

    faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar,

    fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokida ishlarni yuritish

    506

    Foydalanishga tavsiya etiladigan manbalar ro‘yxati 534

  • 4

    KIRISH

    Sud-huquq islohotlari sharoitida xususiy mulk, kichik biznes va xususiy

    tadbirkorlik sohasini huquqiy jihatdan yanada mustahkamlash borasida bir qator

    normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi barcha sohalarda singari xo‘jalik

    protsessida ham ishtirokchilarning huquqlari va manfaatlarini samarali himoya

    qilinishini amalda ta’minlamoqda.

    Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2015 yil 15

    maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli

    himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf

    etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi hamda ushbu

    farmonga asosan tegishli da’voni ko‘rib chiqish davrida tadbirkorlik sub’ekti

    tomonidan shikoyat qilinganida sudlarga nazorat qiluvchi organ qarori ijrosini

    vaqtincha to‘xtatib turish huquqi berilishi, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan

    e’tiroz qilinadigan qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlari xo‘jalik sudi

    qarori bo‘yicha undirilishi, Oliy xo‘jalik sudiga Adliya vazirligi, Moliya vazirligi

    va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda tadbirkorlik

    sub’ektlarining qonuniy manfaat va huquqlarini ishonchli himoya qilish,

    tadbirkorlik sub’ektlari da’volarini ko‘rib chiqish muddatlari, shu jumladan

    axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tezlashtirishni

    ta’minlash bo‘yicha sud organlari roli va faoliyati samaradorligini yanada

    oshirish borasida takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatilganligi ham ushbu

    sohani rivojlantirishni taqozo etmoqda.

    Hozirda odil sudlov sifatini oshirish, sudda ishlarni hal qilish tartibini

    takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining sud orqali o‘z

    huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida keyingi

    yillarda O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksiga o‘ndan

    ortiq qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston

    Respublikasining 2007 yil 1 avgustdagi O‘RQ-106-son qonuni bilan “Hakamlik

    sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” nomli 201-

    bob, “Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro

    varaqasi berish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” nomli 202-bob, O‘zbekiston

    Respublikasining 2011 yil 21 apreldagi O‘RQ-288-son qonuni bilan “Huquqiy

    ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” nomli 203-boblar kiritildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 2 avgustdagi

    “Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash chora-

    tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar

    Mahkamasining 2012 yil 10 dekabrdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-

    kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 346-

  • 5

    son qarori qabul qilinishi natijasida 2013 yil 30 apreldagi O‘RQ-352-son qonuni

    bilan O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksiga o‘zgartish va

    qo‘shimchalar kiritilib, xo‘jalik sudiga elektron shaklda murojaat qilish,

    videokonferensaloqa rejimida sud majlisini o‘tkazish kabi sud faoliyatiga

    zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etildi.

    O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksiga O‘zbekiston

    Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi O‘RQ-391-son qonuni bilan

    “Korporativ nizolar bo`yicha ish yuritish” nomli 204-bobning kiritilishi ham

    xo‘jalik sudlariga taalluqli nizolarning kengayishiga olib keldi.

    O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksiga kiritilgan

    qo‘shimcha va o‘zgartishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

    2013 yil 28 iyundagi “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada

    takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-1990-son qarorining qabul

    qilinishi o‘z navbatida bu boradagi yangi avlod darsliklari va o‘quv

    qo‘llanmalarini yaratishni taqozo etmoqda.

    Shu ma’noda, “Xo‘jalik protsessual huquqi” moduli bo‘yicha hozirgi kun

    talablariga javob beradigan, yuqori malakali raqobatbardosh, mamlakatda

    o‘tkazilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning yuqori talablariga,

    zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan yuridik kadrlarni tayyorlash

    hamda qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgartishlarni inobatga olgan holda

    tayyorlangan “Xo‘jalik protsessual huquqi” nomli darsligi talabalarda xo‘jalik

    sud ishlari yuritish haqida asosiy tushuncha, ko‘nikma va bilimlar hosil qilish,

    xo‘jalik sud ishlarini yuritishga oid etarli tajriba orttirishda muhim ahamiyat kasb

    etadi. Ayniqsa, mazkur darslik hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, talabalar

    tomonidan sohaga oid nazariya va amaliyot materiallarini tizimli ravishda va o‘z

    vaqtida o‘zlashtirilishini tashkil va tahlil etish, talabalarda mustaqil ishlash

    ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

  • 6

    ASOSIY TUSHUNCHALAR

    Xo‘jalik protsessual huquqi tushunchasi – xo‘jalik sudlari tomonidan

    odil sudlovni amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy

    munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar yig‘indisi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi predmeti – xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish

    sohasida sud va protsess ishtirokchilari o‘rtasida vujudga keladigan protsessual

    huquqiy munosabatlarni o‘rganadi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining vazifasi – mustaqil huquq tarmog‘i

    sifatida xo‘jalik sudlarida xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish sohasini tartibga

    solishga qaratilgan faoliyatni huquqiy tartibga soladi.

    Huquqiy tartibga solish uslubi (metodi) – xo‘jalik protsessual huquqi

    predmeti hisoblangan munosabatlar va faoliyatga ta’sir qiluvchi tartibga

    solishning yuridik vosita va usullari yig‘indisi tushuniladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi tizimi – xo‘jalik protsessual huquqi fanining

    asosiy elementlaridan biri sifatida umumiy va maxsus qismlardan iborat

    tuzilishga ega bo‘lib, mazkur normalarning uzviy va ketma-ketlikda joylashuvi

    hamda mazmunan bir-birini to‘ldirishiga aytiladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining manbasi – vakolatli organlar

    tomonidan xo‘jalik protsessual huquqi sohasini tartibga solishga qaratilgan,

    xo‘jalik sudlov faoliyatiga bevosita va bilvosita daxldor bo‘lgan, xo‘jalik

    nizolarini hal qilishda moddiy va protsessual huquq normalarini qo‘llashda asos

    bo‘ladigan normativ-huquqiy hujjatlar turkumi tushuniladi.

    Xo‘jalik sud ishlarini yuritish – xo‘jalik sudlariga taalluqli ishlarning

    nizo predmeti, nizoning toifalari, nizolashuvchi sub’ektlar tarkibi, ishning

    taalluqliligi va sudlovliligi kabi xususiyatlariga ko‘ra xo‘jalik sudlari tomonidan

    ko‘rib hal qilinishiga aytiladi.

    Xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish turlari – da’vo tartibida yuritiladigan

    ishlar; sud buyrug‘ini berishga oid ishlar; bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar; yuridik

    ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar; hakamlik sudining

    hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlar; huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash

    to‘g‘risidagi ishlar.

    Xo‘jalik protsessi bosqichlari – xo‘jalik sudlarida xo‘jalik sudlov

    ishlarini yuritishda nizoni hal qilish maqsadida protsessual harakatlarning tizimli

    va ketma-ketlikda amalga oshirilishi hamda maqsad va vazifalariga ko‘ra

    bo‘linishiga aytiladi.

    Xo‘jalik protsessi bosqichlari – birinchi instansiya xo‘jalik sudida ish

    yuritish; apellyatsiya instansiyasida ish yuritish; kassatsiya instansiyasida ish

    yuritish; nazorat tartibida ish yuritish; xo‘jalik sudining qonuniy kuchga kirgan

  • 7

    hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish; sud hujjatlarini ijro

    etish.

    Xo‘jalik protsessual huquqining prinsiplari – bu qonunda

    mustahkamlangan, protsessual institutlarning barcha tizimlari uchun hal qiluvchi

    ahamiyatga ega bo‘lgan, xo‘jalik ishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va

    hal etishda odil sudlovni ta’minlaydigan asosiy rahbariy qoidalardir.

    Xo‘jalik sudining odil sudlovni amalga oshirishi prinsipi – bu xo‘jalik

    sudining iqtisodiyot sohasida vujudga keladigan, Xo‘jalik protsessual kodeksi va

    boshqa qonunlar bilan o‘zining vakolatiga kiritilgan nizolar hamda boshqa

    ishlarni hal qilish yo‘li bilan odil sudlovni amalga oshirishidir.

    Qonuniylik prinsipi – bu sudya, ishda ishtirok etuvchi va odil sudlovni

    amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar, shuningdek, fuqarolik sud ishlarini

    yuritishda ishtirok etayotgan barcha shaxslar O‘zbekiston Respublikasining

    Konstitutsiyasi, Xo‘jalik protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga

    so‘zsiz rioya etishlari va ularning talablarini bajarishlari shartligi tushuniladi.

    Qonun va sud oldida tenglik prinsipi – xo‘jalik sudida nizolarni hal

    qilish korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mulkchilik shaklidan, qaerda

    joylashganligi, kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, fuqarolarning esa – jinsi, irqi,

    millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan,

    shuningdek boshqa holatlardan qat’i nazar qonun va sud oldida tengligi asosida

    amalga oshirilishidir.

    Sud ishlari yuritiladigan til prinsipi – xo‘jalik sudida sud ishlari o‘zbek

    tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan

    tilda olib borilishi, sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud

    ishtirokchilarining tarjimon yordamida ishga taalluqli materiallar bilan to‘la

    tanishish va sud ishlarida ishtirok etish hamda o‘z ona tilida so‘zlash huquqi

    ta’minlanishi, turli davlatlarning korxona, muassasa va tashkilotlari o‘rtasidagi

    xo‘jalik nizolari sudning ajrimiga binoan taraflar uchun maqbul tilda olib

    borilishi tushuniladi.

    Sud hujjatlarining majburiyligi prinsipi – bu sudning qonuniy kuchga

    kirgan hujjati barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish

    organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor

    shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining

    butun hududida ijro etilishi shartligi hamda xo‘jalik sudi qabul qilgan sud

    hujjatlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi

    tushuniladi.

    Og‘zakilik prinsipi – xo‘jalik sudlarida ishda ishtirok etuvchi shaxslar

    hamda xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarini

  • 8

    tushuntirishlari, ko‘rsatuvlari, xulosalarini og‘zaki ravishda ifoda etishi

    tushuniladi.

    Ish ko‘rishning uzluksizligi prinsipi – xo‘jalik sudi ish bo‘yicha hal qiluv

    qarori qabul qilinguncha yoki ishni ko‘rish keyinga qoldirilguncha boshqa

    ishlarni ko‘rishga haqli emasligi tushuniladi.

    Xo‘jalik ishlarini yakka va hay’at tomonidan ko‘rilishi prinsipi –

    xo‘jalik sudlarida birinchi instansiya bo‘yicha ishlar sudyaning yakka o‘zi

    tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudida esa uch nafar

    sudyadan hamda apellyasiya, kassatsiya, va nazorat instansiyalarida uch yoki

    undan ortiq toq nafar sudyadan iborat tarkibda ko‘rilishi tushuniladi.

    Sudda ishni ko‘rishning bevositaligi prinsipi – xo‘jalik sudi ishni

    ko‘rishda ish bo‘yicha dalillarni bevosita tekshirishi, ishda ishtirok etuvchi

    shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatmalarini, ekspertlarning

    xulosalarini eshitishi, yozma dalillar bilan tanishishi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan

    kechirishi shartligi tushuniladi.

    Erkin huquq prinsipi – bu o‘zining yoki boshqa shaxslarning buzilgan

    yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan

    manfaatlarini himoya qilish maqsadida xo‘jalik protsessni vujudga keltirish,

    harakatlantirish va tugatish bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual huquqlardan

    foydalanish erkinligidir.

    Taraflarning protsessual teng huquqliligi prinsipi – bu taraflarning

    qonunda mustahkamlangan o‘z huquq va erkinliklarini sudda himoya qilishning

    protsessual vositalardan foydalanishda sud tomonidan protsessual

    imkoniyatlarning ta’minlanishi, shuningdek boshqa tarafning fikr va

    mulohazalariga e’tiroz bildirish imkoniyatidir.

    Tortishuvchilik prinsipi – bu ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ish

    uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni isbotlash yo‘li bilan o‘z talab va

    e’tirozlarini sud oldida bildirish, barcha protsessual harakatlarda ishtirok etish va

    hal qilinishi lozim bo‘lgan barcha masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qilish,

    shuningdek sudga ish holatlarini aniqlash hamda tegishli dalillarni to‘plashda

    faol yordam ko‘rsatishdagi huquq va majburiyatlari yig‘indisidir.

    Xo‘jalik protsessual huquqiy munosabatlar bu – ma’lum bir xo‘jalik

    ishi doirasida protsessual huquq normalarining amalga oshirilishidir.

    Da’vogar – o‘zlarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan

    manfaatlarini himoya qilish maqsadida da’vo taqdim etayotgan yoki

    manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etilgan tashkilotlar va fuqarolar.

    Javobgar – da’vo yoki ariza talabi qaratilgan tashkilotlar va fuqarolar.

  • 9

    Mustaqil da’vo qiluvchi uchinchi shaxs – da’vogar bilan javobgar

    o‘rtasidagi nizoning predmetiga nisbatan boshqa shaxs tomonidan shu predmet

    (narsa)ni o‘ziga tegishli bo‘lishi to‘g‘risida arz qiluvchi shaxs.

    Taalluqlilik – huquq haqidagi nizolarni ko‘rish va hal qilish vazifasi

    qonun bilan u yoki bu davlat organi yoki jamoat tashkilotiga yuklatilganligi

    tushuniladi.

    Talabnoma (lot. rraetensio - talab) – bu kreditorning qarzdorga nisbatan

    qarzdorlikni to‘lash, zararni qoplash, mahsulotning, bajarilgan ishlarning va

    ko‘rsatilgan xizmatlarning kamchiliklarini bartaraf etish haqidagi talabidir.

    Xo‘jalik protsessida sud xarajatlari – ishni xo‘jalik sudida ko‘rish bilan

    bog‘liq bo‘lgan xarajatlar bo‘lib, taraflarga va uchinchi shaxslarga yuklanadigan

    pul summasi bo‘lib, davlat boji va sud chiqimlari yig‘indisidir.

    Davlat boji – yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va

    (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor

    shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lovdir.

    Sud chiqimlari – sud hujjatlarini yuborish bilan bog‘liq pochta xarajatlar,

    sud majlisisni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar,

    xo‘jalik sudi tayinlagan ekspertizani o‘tkazish, guvohni chaqirish, dalillarni o‘z

    joyida ko‘zdan kechirish uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan va boshqa xarajatlardir.

    Protsessual muddatlar – xo‘jalik ishlarini sudda ko‘rish va hal qilish

    bilan bog‘liq protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan vaqt

    tushuniladi. Mazkur muddatlar sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, odil sudlovni

    amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar, shuningdek ayrim hollarda ishda

    ishtirok etmaydigan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi.

    Dalil bu – sud tomonidan ish uchun ahamiyatli bo‘lgan taraflarning

    talablari, e’tirozlari va boshqa holatlarni mavjud yoki mavjud emasligini

    o‘rnatish asosi hisoblangan faktik ma’lumotlardir.

    Dastlabki dalillar bu – da’voli holatga, vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatish

    jarayonida shakllanadi va undan ishni ko‘rish jarayonida bu fakt haqida dalil

    olinadi.

    Hosila dalillar bu – boshqa manbalardan olingan ma’lumotlarni aks

    ettiradi, masalan, hujjatlarning nusxalari, guvohning ko‘rsatuvlari. Hosila dalillar

    dastlabki dalillarni aniqlab olish, shuningdek ularni tekshirishda foydalaniladi.

    To‘g‘ri dalillar bu – isbotlanayotgan fakt bilan bevosita aloqasi bo‘lgan

    ma’lumotlarni o‘zida mujassamlashtirgan dalillar bo‘lib, ya’ni uning mazmuni

    orqali ish bo‘yicha isbotlash predmetiga kiruvchi faktlarning mavjud yoki

    mavjud emasligi haqida xulosa qilish mumkinligi tushuniladi.

    Egri dalillar bu – isbotlanayotgan fakt bilan bilvosita aloqaga ega bo‘lgan

    dalilar bo‘lib, u orqali ish bo‘yicha isbotlash predmetiga kiruvchi faktlarning

  • 10

    mavjud yoki mavjud emasligi haqida taxmin qilish mumkin. Isbotlash

    predmetiga kiruvchi faktni mavjud yoki mavjud emasligi bitta egri dalil asosida

    aniqlash mumkin emas. Bir egri dalillarning majmuigina ishonchlik

    ma’lumotlarni berishi mumkin. Demak, egri dalillar yuridik faktlar to‘g‘risidagi

    ma’lumotlarni o‘zida ifodalaydi.

    Isbotlash predmeti – moddiy-huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar va

    yuridik faktlar hisoblanadi.

    Dalillarning daxldorligi bu – sud dalillarining mazmuni va da’voli fakt

    o‘rtasidagi ob’ktiv bog‘liqlikdir.

    Dalillarga yo‘l qo‘yilishi bu – xo‘jalik sudlov ishlariin yuritish jarayonida

    isbotlashni amalga oshirishda ishning holatlari qonun hujjatlariga muvofiq

    muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi va boshqa dalillar bilan tasdiqlanish mumkin

    emasligini anglatadi.

    Yozma dalillar – ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi

    ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar, shartnomalar, ma’lumotnomalar,

    amaliy yozishmalar, shu jumladan, faksimil, elektron yoki boshqa aloqa

    vositasida yoxud hujjatning to‘g‘riligini aniqlash imkonini beruvchi boshqa

    usulda olingan o‘zga hujjatlar va materiallar.

    Ashyoviy dalillar – o‘zining tashqi ko‘rinishi, ichki xususiyatlari, turgan

    joyi yoki boshqa belgilari bilan ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni

    aniqlash vositasi bo‘lib xizmat qila oladigan ashyolar.

    Ekspertiza – sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan

    hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus

    bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat

    bo‘lgan protsessual harakat tushuniladi.

    Sud ekspertining xulosasi – sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi

    tomonidan tuziladigan va sud-ekspert tekshirishlarining olib borilishini va

    natijalarini aks ettiradigan yozma hujjat tushuniladi.

    Guvoh – nizoni to‘g‘ri hal etishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan

    ma’lumotlar va holatlardan xabardor har qanday shaxs bo‘lishi mumkin.

    Sud buyrug‘i – kreditorning pul summasini undirish yoki undiruvni

    qarzdorning mol-mulkiga qaratish haqidagi yoxud qarzdordan nizosiz talablar

    bo‘yicha mol-mulkni talab qilib olish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha sudya

    chiqargan hujjat hisoblanadi.

    Xo‘jalik protsessida da’vo – qonunda belgilangan protsessual tartibda

    ko‘rib chiqilishi va hal etilishiga qaratilgan bir yoki bir necha shaxsning

    (da’vogarning) o‘zining buzilgan huquq va qonuniy manfa-atlarini himoya qilish

    maqsadida birinchi instansiya sudiga boshqa shaxs yoki bir necha shaxslarga

    (javobgarga) nisbatan moddiy huquqqa asoslangan talabidir.

  • 11

    Da’voning predmeti – da’vogarning talabi, ya’ni uni javobgardan talab

    qilayotgan narsasi bo‘ladi.

    Da’voning asosi – bu da’vo talabini tasdiqlaydigan dalillar tushuniladi.

    Da’vo taqdim etish huquqi – bu manfaatdor shaxsning protsessual

    tartibda sub’ektiv moddiy huquqini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdir.

    Da’voni ta’minlash – xo‘jalik sudi tomonidan hal qiluv qarorining ijrosini

    kafolatlaydigan qonunda nazarda tutilgan choralarning qabul qilinishidir.

    Ishni sudda ko‘rishga tayyorlash – xo‘jalik protsessining mustaqil

    bosqichi bo‘lib, ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal qilinishiga qaratilgan harakatlar

    yig‘indisidir.

    Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi – real vaqt rejimida

    telekommunikatsiya texnologiyalari yordamida audio- va video-axborotlar

    almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni ko‘rayotgan sud va sud

    majlisini o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sud o‘rtasidagi interaktiv o‘zaro ta’sir

    qilish yo‘li bilan masofadan sud majlisini o‘tkazish tushuniladi.

    Ishni ko‘rishni keyinga qoldirish – ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi

    kunini belgilab, nizoni mazmunan ko‘rishni kechiktirish hisoblanadi.

    Sud majlisining bayonnomasi – ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ayrim

    potsessual harakatlarni bajarganliklarini tasdiqlaydigan yozma protsessual

    hujjatdir.

    Kelishuv bitimi – o‘zaro kelishishga asoslangan, da’vo talabi (talablari)ga

    nisbatan aniqlikka erishishga qaratilgan, nizoni hal qilish to‘g‘risidagi

    taraflarning yozma kelishuvidir.

    Ish yuritishni to‘xtatib turish – ishning hal etilishiga to‘sqinlik qiluvchi

    holatlar paydo bo‘lganligi munosabati bilan ularni bartaraf etguncha protsessual

    harakatlarni noma’lum muddatga to‘xtatib turilishidir.

    Xo‘jalik sudining hal qiluv qarori – bu xo‘jalik sudi birinchi

    instansiyasining sud hujjati bo‘lib, da’vogarning javobgarga nisbatan moddiy-

    huquqiy talabini mazmunan hal qiladigan xo‘jalik sudi ish yurituvidagi

    taraflarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari va buzilgan, shuningdek

    bahsli huquqlarini himoya qiladigan sud hujjati hisoblanadi.

    Bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – xo‘jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan,

    qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda

    qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda

    bajarishga qodir emasligi.

    Kuzatuv – xo‘jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan

    uning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli

    tahlilini o‘tkazish maqsadida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza

  • 12

    qabul qilingan paytdan e’tiboran keyingi taomilga qadar qo‘llaniladigan

    bankrotlik taomili.

    Sud sanatsiyasi – tiklash tusidagi taomil hisoblanib, qarzdor, qarzdor

    muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi, shuningdek,

    uchinchi shaxslarning qarzdor korxonani to‘lovga qobiliyatliligini tiklash va

    qarzdor faoliyatini boshqarishni qarzdor rahbarining o‘zida qoldirish yo‘li bilan

    kreditorlar talablarini qanoatlantirish maqsadida murojaat qilish natijasida

    kreditorlar yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan qaror asosida xo‘jalik sudi

    tomonidan joriy etiladi. Sud sanatsiyasi xo‘jalik sudi kuzatuvi va sanatsiya

    qiluvchi boshqaruvchi harakatlari ustidan nazorat ostida amalga oshiriladi.

    Kelishuv bitimi – taraflarning sud nizosini o‘zaro yon berish asosida

    tugatish to‘g‘risidagi bitimi. Kelishuv bitimi bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarning

    har qanday bosqichida kreditorlar yig‘ilishining barcha kreditorlar umumiy

    ovozining ko‘pchilik ovoz berishi orqali qabul qilingan qarori asosida tuzilishi

    mumkin.

    Tashqi boshqaruv – kreditorlar yig‘ilishining qaroriga yoki bankrotlik

    to‘g‘risidagi ish bo‘yicha davlat organining arizasiga binoan xo‘jalik sudi

    tomonidan joriy qilinadigan tiklash tusidagi taomil. Tashqi boshqaruv yigirma

    to‘rt oygacha muddatga joriy etiladi. Tashqi boshqaruvning maqsadi ham

    qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash, kreditorlar talablarini qanoatlantirishdir.

    Bunda yuridik shaxsni boshqarish va uning mulkini tasarruf etish bo‘yicha

    qarzdor rahbari vakolatlarini majburiy ravishda tashqi boshqaruvchiga beriladi.

    Tugatishga doir ish yuritish – xo‘jalik sudi tomonidan kreditorlarning

    talablarini mutanosib ravishda qondirish hamda qarzdorni qarzdor mol-mulkini

    realizatsiya qilish orqali qarzdorni majburiyatlardan, qarzlardan qutulgan deb

    e’lon qilish va korxonani tugatish maqsadida bankrot deb topilgan qarzdorga

    nisbatan qo‘llaniladigan bankrotlik taomili. Tugatishga doir ish yuritish kelishuv

    bitimi tuzilgan holatda yoki kreditorlar talablarining to‘liq qondirilishi, xo‘jalik

    faoliyatini davom ettirish imkoniyati mavjud bo‘lgan holatda bankrotlik

    to‘g‘risidagi ish tugatilishi bilan tamomlanishi mumkin, shuningdek, qarzdor

    to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati bo‘lganda tashqi boshqaruvga o‘tishi

    mumkin.

    Hakamlik sudi – fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi

    nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida vujudga keluvchi

    xo‘jalik nizolarini hal etuvchi nodavlat organ.

    Apellyatsiya instansiyasida ish yuritish – birinchi instansiya sudi

    tomonidan qabul qilinib, qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorini taraflardan

    birining yoki ishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning shikoyatlari

    asosida qayta ko‘rilishi tushuniladi.

  • 13

    Kassatsiya (lot.quasso – sindirish, bekor qilish, buzish) degan ma’noni

    anglatadi.

    Kassatsiya instansiyasida ish yuritish – qonuniy kuchga kirgan birinchi

    instansiya sudining hal qiluv qarori, apellyatsiya instansiyasining qarori ustidan

    keltirilgan kassatsiya shikoyati(protesti)ni qonuniy va asosliligini tekshirish

    tushuniladi.

    Sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rilishi – ishda ishtirok

    etuvchi shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida

    qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ustidan qonunda belgilangan vakolatli

    mansabdor shaxslarning keltirgan protestlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy

    xo‘jalik sudi Rayosati tomonidan ko‘rib chiqilishi tushuniladi.

    Yangi ochilgan holatlar – ishni ko‘rish vaqtida mavjud bo‘lgan va uni

    hal etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yuridik faktlarga aytiladi. Biroq,

    ushbu faktlar arizachiga va sudga bog‘liq bo‘lmagan obektiv sabablarga ko‘ra

    ishni ko‘rayotgan sudga ham arizachiga ham ma’lum bo‘lishi mumkin

    bo‘lmaydi.

    Ijro varaqasi – xo‘jalik sudi tomonidan berilgan xo‘jalik sudi sud

    hujjatida bayon qilingan undiruvchining majburiy ijro etilish huquqini

    tasdiqlovchi hujjatdir.

    Apostil – hujjatni imzolagan sifatida ish ko‘rgan shaxsning imzosi

    haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini

    tasdiqlaydigan Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish

    maqsadida qo‘yiladigan maxsus shtamp tushuniladi.

  • 14

    1-BOB. XO‘JALIK PROTSESSUAL HUQUQINING TUSHUNCHASI,

    PREDMETI VA TIZIMI

    1. Xo‘jalik protsessual huquqi tushunchasi va predmeti

    O‘zbekiston Respublikasining milliy huquq tizimida xo‘jalik protsessual

    huquqi protsessual huquq sohalari ichida mustaqil protsessual huquq sohasi

    hisoblanadi. Xo‘jalik protsessual huquqining vujudga kelishi va rivojlanishi

    O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga erishishi va mamlakatimizda

    amalga oshirilayotgan iqtisodiy huquqiy islohotlar bilan uzviy ravishda bog‘liq.

    O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti asosini bozor munosabatlari tizimi tashkil

    etar ekan, ushbu tizimda tadbirkorlar asosiy harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.

    Davlat tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uni rivojlantirish va

    mustahkamlash uchun huquqiy asoslar negizini shakllantirdi. Ushbu huquqiy

    asoslarning bir qismi iqtisodiyot sohasida, tadbirkorlik sohasida vujudga

    keladigan nizolarni hal qilish uchun asosiy huquqiy maydon vazifasini o‘taydi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi, garchi boshqa huquq sohalari kabi qadimiy va

    tarixiy bo‘lmasa ham bugungi kunda odil sudlov tizimida o‘z o‘rniga va o‘ziga

    xos protsessual mexanizmga ega. Xo‘jalik protsessual huquqi o‘zining

    konstitutsiyaviy asoslariga ega va bu asoslar bevosita O‘zbekiston Respublikasi

    Konstitutsiyasining 111-moddasida bevosita va 53-moddasida bavosita o‘z

    ifodasini topgan. Xo‘jalik protsessual huquqi predmeti doirasida qamrab

    olinayotgan munosabatlar, eng avvalo tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi

    tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish,

    mamlakatimiz iqtisodiyoti sohasida vujudga keladigan xo‘jalik nizolarini hal

    etish va mamlakatimiz iqtisodiyotini boshqarish jarayonida vujudga keladigan

    munosabatlar hisoblanadi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi tushunchasi – xo‘jalik sudlari tomonidan

    odil sudlovni amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy

    munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar yig‘indisi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi predmeti – xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish

    sohasida sud va ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida vujudga keladigan

    protsessual huquqiy munosabatlarni o‘rganadi. Mazkur huquqiy munosabatlar

    mazmunida xo‘jalik sohasiga oid moddiy va protsessual huquqiy xususiyatlar,

    fanga doir nazariy qoidalar, amaliyotdagi muammoli masalalar va ularning

    protsessual echimiga doir holatlar o‘z ifodasini topgan.

  • 15

    Xo‘jalik protsessual huquqining vazifalari:

    xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishda iqtisodiyot sohasida faoliyatni amalga oshirishda sub’ektlarning buzilgan huquq va manfaatlarini

    to‘laqonli himoya qilishga erishish;

    xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishda buzilgan huquq va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish jarayonida qonuniylikni

    mustahkamlash, amaldagi qonun va qonun osti hujjatlariga so‘zsiz va

    qat’iy amal qilinishini ta’minlashga erishish;

    xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishda nizolarni qonunda belgilangan tartibda o‘z vaqtida hal etish;

    ular tomonidan huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash, moddiy va protsessual huquq normlariga qat’iy rioya qilish, ish bo‘yicha qonuniy,

    asosli va adolatli sud qarorlari chiqarishga erishish;

    xo‘jalik sudlarida ish yuritish qonun va sudga hurmat ruhida bo‘lishi kerak.

    Huquqiy tartibga solish uslubi (metodi) deganda xo‘jalik protsessual

    huquqi predmeti hisoblangan munosabatlar va faoliyatga ta’sir qiluvchi

    tartibga solishning yuridik vosita va usullari yig‘indisi tushuniladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqida huquqiy tartibga solishning quyidagi

    uchta asosiy uslubi ajratiladi: a) ruxsat beruvchi; b) ta’qiqlovchi; v)

    ko‘rsatma beruvchi. Mazkur uslublar orqali sud nizolashuvchi sub’ektlar

    faoliyati (xatti-harakatlari)ga ta’sir ko‘rsatadi va muayyan huquqiy

    oqibatlarga sabab bo‘ladi. Ushbu uslublar sudning qarorlari mazmun-

    mohiyatida hamda qaror (xulosa) qismida bevosita namoyon bo‘ladi.

    2. Xo‘jalik protsessual huquqining tizimi va manbalari

    Xo‘jalik protsessual huquqi tizimi – xo‘jalik protsessual huquqi

    fanining asosiy elementlaridan biri sifatida umumiy va maxsus

    qismlardan iborat tuzilishga ega bo‘lib, mazkur normalarning uzviy va

    ketma-ketlikda joylashuvi hamda mazmunan bir-birini to‘ldirishiga

    aytiladi.

  • 16

    Xo‘jalik protsessual huquqining umumiy qismi O‘zbekiston

    Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining 1-bo‘limiga kirgan “Umumiy

    qoidalar” ga bag‘ishlangan normalar (1-13 boblar)ni o‘z ichiga qamrab

    oladi.Unga ko‘ra, “Asosiy qoidalar” deb nomlangan 1-bob; “Xo‘jalik sudining

    tarkibi. Rad qilish” deb nomlangan 2-bob; “Sudga taalluqli ishlar va sudlovga

    tegishlilik” deb nomlangan 3-bob;“Ishda ishtirok etuvchi shaxslar hamda xo‘jalik

    sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari” deb nomlangan 4-bob;

    “Xo‘jalik sudida vakillik” deb nomlangan 5-bob; “Dalillar” deb nomlangan 6-

    bob; “Da’voni ta’minlash” deb nomlangan 7-bob; “Ish yuritishni to‘xtatib turish”

    deb nomlangan 8-bob; “Ish yuritishni tugatish” deb nomlangan 9-bob; “Da’voni

    ko‘rmasdan qoldirish” deb nomlangan 10-bob; “Sud xarajatlari” deb nomlangan

    11-bob; “Protsessual muddatlar” deb nomlangan 12-bob; “Sud jarimalari” deb

    nomlangan 13-bob normalaridan iborat.

    Umumiy qismda ko‘rsatilgan normalar va ularda ifodalangan protsessual

    institutlar, protsessual harakatlar maxsus qismga tegishli normalarga bevosita

    ta’sir ko‘rsatadi va ishlarni hal qilishda to‘liq tatbiq etiladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining maxsus qismida O‘zbekiston

    Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining 2-bo‘limiga kirgan “Birinchi

    instansiya xo‘jalik sudida ish yuritish” ga bag‘ishlangan normalar (14-204-

    boblar)ni; 3-bo‘limga kirgan “Hal qiluv qarorlarini qayta ko‘rish bo‘yicha ish

    yuritish” ga bag‘ishlangan normalar (21-24- boblar)ni; 4-bo‘limiga kirgan “Sud

    hujjatlarini ijro etish” ga bag‘ishlangan normalar (209-220- moddalar)ni; 5-

    bo‘limiga kirgan “Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik

    faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan

    shaxslar ishtirokidagi ishlarni yuritish”ga bag‘ishlangan normalar (221-226-

    moddalar)ni o‘z ichiga qamrab oladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining manbasi deb vakolatli organlar

    tomonidan xo‘jalik protsessual huquqi sohasini tartibga solishga qaratilgan,

    xo‘jalik sudlov faoliyatiga bevosita va bilvosita daxldor bo‘lgan, xo‘jalik

    nizolarini hal qilishda moddiy va protsessual huquq normalarini qo‘llashda asos

    bo‘ladigan normativ-huquqiy hujjatlar turkumi tushuniladi. Xo‘jalik huquqining

    manbalariga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi; O‘zbekiston

    Respublikasining qonunlari; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

    palatalarining qarorlari; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari,

    qarorlari va farmoyishlari; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

    qarorlari; vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining buyruqlari hamda

    qarorlari; mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari kiradi.

    O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xo‘jalik protsessual

    huquqi uchun ham bosh manba hisoblanadi. Konstitutsiyaning 111-moddasida

    file:///F:/pages/GetAct.aspx

  • 17

    ko‘rsatilganidek, mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar,

    muassasalar, tashkilotlar o‘rtasidagi, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasidagi,

    iqtisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida vujudga keladigan xo‘jalik

    nizolarini hal etish Oliy xo‘jalik sudi va xo‘jalik sudlari tomonidan ularning

    vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston

    Respublikasi Konstitutsiyasining “O‘zbekiston Respublikasining sud

    hokimiyati” deb nomlangan 22-bobi (106, 107, 111-116-moddalar) normalari

    bevosita xo‘jalik sudlari faoliyatiga ham tegishlidir.

    Xo‘jalik protsessual huquqining asosiy manbalaridan biri 2000 yil 14

    dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi

    yangi tahrirdagi qonuni hisoblanadi. Mazkur qonunning 1 moddasi “Sud

    tizimi” deb nomlanib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida besh yil muddatga

    saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston

    Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi,

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

    Xo‘jalik sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar

    sudi, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik

    sudlari faoliyat ko‘rsatadilar. Ushbu qonunda ko‘rsatilgan odil sudlovning faqat

    sud tomonidan amalga oshirilishi, sud hokimiyatining mustaqilligi, sud

    hujjatlarining majburiyligi, fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi,

    sudlovning oshkoraligi, sudlov olib boriladigan til kabi prinsiplar ham xo‘jalik

    protsessual huquqining asosiy va maxsus prinsiplari sifatida o‘rganiladi.

    Qonunning 4-moddasida ko‘rsatilgan “Sudning vazifalari” ham bevosita

    xo‘jalik sudlariga tegishli bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida sudning

    faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarda hamda

    inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning

    huquq va erkinliklariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari

    hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga rioya etilishini kafolatlashga

    qaratilgan. Sudning faoliyati ijtimoiy adolatni, tinchlik va totuvlikni

    ta’minlashga, huquqiy tartib va qonuniylikni barcha choralar bilan

    mustahkamlashga qaratilgan.

    Bundan tashqari, “Sud himoyasida bo‘lish huquqi” deb nomlangan 8-

    moddada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat boshqaruv idoralari va

    mansabdor shaxslarning har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan,

    shuningdek sha’ni va qadr-qimmati, hayoti va sog‘lig‘i, shaxsiy erkinligi va

    mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish

    huquqiga ega. Korxona, muassasa va tashkilotlar ham sud himoyasida bo‘lishga

    haqli.

    file:///F:/pages/GetAct.aspx%3flact_id=20596

  • 18

    Mazkur qonunning uchinchi bo‘limi “Xo‘jalik sudlari” deb nomlanib,

    unda Oliy xo‘jalik sudining vakolatlari (42-modda), Oliy xo‘jalik sudining

    tarkibi (43-modda), Oliy xo‘jalik sudining Plenumi (44-modda), Oliy xo‘jalik

    sudi Plenumini chaqirish tartibi (45-modda), Oliy xo‘jalik sudi Plenumining

    vakolatlari (46-modda), Oliy xo‘jalik sudi Plenumida sud ishlarini ko‘rish tartibi

    (47-modda), Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qarori va yig‘ilishi bayoni (48-

    modda), Oliy xo‘jalik sudi Plenumida muayyan sud ishlarini hal qilish bilan

    bog‘liq bo‘lmagan masalalarning ko‘rilishi(49-modda),Oliy xo‘jalik sudi

    Plenumi kotibi (50-modda), Oliy xo‘jalik sudi Rayosatining tarkibi (51-modda),

    Oliy xo‘jalik sudi Rayosatining vakolatlari (52-modda), Oliy xo‘jalik sudining

    sudlov hay’atlari (53-modda.), Oliy xo‘jalik sudi Raisi (54-modda), Oliy xo‘jalik

    sudi Raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari (55-modda), Oliy xo‘jalik sudi

    sudlov hay’atlari raislari (56-modda), bundan tashqari, keyingi boblarda

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar

    xo‘jalik sudlarining tarkibi, vakolatlari mustahkamlangan.

    Xo‘jalik protsessual huquqining maxsus manbasi sifatida 1997 yil 30

    avgustda tasdiqlangan va 1998 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritilgan

    O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksini ko‘rsatish

    mumkin. Mazkur kodeksi bevosita 5 ta bo‘lim, 24-bob, 226-moddadan iborat

    bo‘lgan normalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu manbaning xususiyati shundaki,

    bevosita mazkur Kodeksda ifodalangan normalar orqali xo‘jalik sudlari faoliyati

    huquqiy tartibga solinadi, jumladan ushbu manbada ish bo‘yicha da’vo arizasi

    (ariza) ni ish yuritishga qabul qilishdan boshlab, sudga tegishli nizoli (nizosiz)

    talabni hal qilish va ish bo‘yicha qonuniy, asosli va adolatli sud qarori chiqarish

    hamda uning ijrosini ta’minlashgacha bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishning

    protsessual tartibi qat’iy mustahkamlangan.

    O‘zbekiston Respublikasining qonunlari xo‘jalik protsessual

    huquqining manbasi sifatida muhim ahamiyatga ega. Xususan, xo‘jalik sudlari

    tomonidan nizoni hal qilishda moddiy va protsessual huquq normalariga

    tayangan holda ishni ko‘rish va sud qarorini chiqarish muhim shartlardan biri

    sanaladi. Shu ma’noda xo‘jalik protsessual huquqining vujudga kelishi va

    tartibga solish mexanizmini tahlil qilganda uning tarkibiy qismi moddiy va

    protsessual huquq normalari orqali harakatga keladi yoki ushbu huquq

    sohasining yashash shakli sifatida ko‘rinadi. Hozirda respublikamizda fuqarolik,

    xo‘jalik, tadbirkorlik, tijorat, investitsiya va boshqa turdosh huquqlarni tartibga

    soluvchi, tom ma’noda olganda iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab

    qonunlar qabul qilinmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining

    “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi 2012 yil 2 maydagi

    yangi tahrirdagi qonuni; O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati

  • 19

    to‘g‘risida”gi 2014 yil 9 dekabrdagi yangi tahrirdagi qonuni; O‘zbekiston

    Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi 2015 yil 22 maydagi yangi

    tahrirdagi qonuni; O‘zbekiston Respublikasining “Tashuvchining fuqarolik

    javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi 2015 yil 26 maydagi qonuni

    va boshqalar.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari ham mazkur

    huquq sohasini tartibga solishda muhim manba sanaladi. Masalan, O‘zbekiston

    Respublikasi Prezidentining 1996 yil 25 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi

    xo‘jalik sudlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi; 1997 yil 5 fevraldagi

    “Xo‘jalik sudlarining qarorlari ijrosini ta’minlashga oid chora-tadbirlar

    to‘g‘risida”gi; 2005 yil 14 iyundagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya

    qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi; 2005 yil 5

    oktyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning

    tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi; 2012 yil 18 iyuldagi

    “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada

    keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi; 2015 yil 24 apreldagi

    “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy

    etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi; 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik

    biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal

    rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi

    farmonlari; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 25 avgustdagi

    “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada

    oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshq.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qarorlari

    garchi xo‘jalik protsessual huquqining manbalari jumlasiga kirmasada, ammo

    sudlar faoliyatida muhim va majburiy ahamiyatga ega. Sudlar tomonidan

    O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik protsessual kodeksi va boshqa moddiy va

    protsessual huquq normalarini o‘zida ifodalagan kodekslar va hamda qator

    qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini

    ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi

    Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oliy xo‘jalik sudi tomonidan tegishli

    Plenum qarorlari qabul qilinadi. Zaruriy holatlarda, O‘zbekiston Respublikasi

    Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumi “Sudlar to‘g‘risida”gi

    O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17 va 47-moddalariga asoslanib,

    birgalikda qo‘shma Plenum qarorlari qabul qilinadi. Masalan, O‘zbekiston

    Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014 yil 3

    oktyabrdagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya

    qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qo‘llashning ayrim

  • 20

    masalalari haqida”gi 17/266-son qarori qabul qilindi. Mazkur qo‘shma Plenum

    qarori qabul qilinishining zaruriyati quyidagilar orqali belgilanadi:

    Birinchidan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini

    himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda

    qabul qilinganligi munosabati bilan ushbu Qonun hamda aksiyadorlik jamiyatlari

    faoliyatini tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlarining to‘g‘ri va bir xilda

    qo‘llanilishini ta’minlash;

    ikkinchidan, sudlarda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning

    huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash bilan bog‘liq

    nizolarni ko‘rib chiqish amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirish va sud

    xatolarini, shuningdek bunday nizolarni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf

    etish uchun zarur choralar ko‘rib borish;

    uchinchidan, aynan bunday turkumdagi nizolarning xususiyatlaridan kelib

    chiqib, ularning umumiy yurisdiksiya sudi yoki xo‘jalik sudi sudloviga

    taalluqliligi masalasini aniq belgilash;

    to‘rtinchidan, kelib chiqqan nizoli talablarning ba’zilari xo‘jalik sudiga,

    ba’zilari esa umumiy yurisdiksiya sudiga taalluqli bo‘lgan o‘zaro bog‘liq bir

    necha talab birlashtirilgan taqdirda, ish umumiy yurisdiksiya sudi sudloviga

    taalluqli bo‘lishiga oid qoidalarni qat’iy mustahkamlash;

    beshinchidan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning o‘z protsessual

    huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlarini ta’minlashga qaratilgan tushuntirishlar

    berishni lozim deb topadi.

    O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 45-

    moddasiga ko‘ra, Oliy xo‘jalik sudi Plenumi bir yilda kamida ikki marta

    chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalarga doir hujjatlar loyihasi

    Plenum a’zolariga va Bosh prokurorga Plenum majlisidan yigirma kun ilgari

    yuboriladi.Oliy xo‘jalik sudi Plenumi o‘z faoliyatining yakuni sifatida qaror

    qabul qiladi va ushbu qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga

    kiradi. Plenum yig‘ilishida yozma bayon yuritiladi. Plenum qarori va bayoni Oliy

    xo‘jalik sudi Raisi va Plenum kotibi tomonidan imzolanadi.

    Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi

    Plenumining barcha qator qarorlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy

    xo‘jalik sudi Plenumining 2012 yil 15 iyundagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan

    hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal

    qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi

    ishlarni ko‘rishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi

  • 21

    238-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013

    yil 5 dekabrdagi “Sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda

    O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksi normalarini qo‘llashning

    ayrim masalalari haqida” gi 254-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Oliy

    xo‘jalik sudi Plenumining 2014 yil 20 iyundagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan

    ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotining ayrim masalalari

    haqida”gi 261-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi

    Plenumining 2014 yil 20 iyundagi “Ishtirokchilar o‘rtasida, ishtirokchilar bilan

    xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari o‘rtasida, aksiyadorlar o‘rtasida, aksiyador bilan

    aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida xo‘jalik shirkatlar va jamiyatlar faoliyatidan kelib

    chiqadigan nizolarni xo‘jalik sudlari tomonidan hal qilishning ayrim masalalari

    haqida”gi 262-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi

    Plenumining 2014 yil 28 noyabrdagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan

    videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini o‘tkazishda O‘zbekiston

    Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksi normalarini qo‘llashning ayrim

    masalalari haqida”gi 270-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi

    Plenumining 2014 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik

    kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi normalarini

    qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 269-son qarori va shu kabi ko‘plab

    qarorlari sudlarda sudyalar tomonidan ishlarni hal qilishda moddiy va protsessual

    huquq normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashda muhim va

    zaruriy manba bo‘la oladi.

    3. Xo‘jalik sud ishlarini yuritish tushunchasi, vazifasi va turlari

    Xo‘jalik sud ishlarini yuritish deganda xo‘jalik sudlariga taalluqli

    ishlarning nizo predmeti, nizoning toifalari, nizolashuvchi sub’ektlar

    tarkibi, ishning taalluqliligi va sudlovliligi kabi xususiyatlariga ko‘ra

    xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rib hal qilinishiga aytiladi.

    Xo‘jalik protsessual kodeksining 3-moddasida xo‘jalik sudida sud ishlarini

    yuritish vazifalari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra:

    birinchi, iqtisodiyot sohasida korxona, muassasa, tashkilotlar va

    fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan

    qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;

    ikkinchi, iqtisodiyot sohasida qonunchilikni mustahkamlash va

    huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashishdan iborat.

    Xo‘jalik protsessual huquqi sud ishlarini yuritishning quyidagi

    turlarini nazarda tutadi:

  • 22

    da’vo tartibida yuritiladigan ishlar; sud buyrug‘ini berishga oid ishlar; bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar; yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash

    to‘g‘risidagi ishlar;

    hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlar; huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar.

    4. Xo‘jalik protsessining bosqichlari

    Aksariyat yuridik adabiyotlarda “Xo‘jalik protsessual huquqi” fani

    “Xo‘jalik protsessi” fani deb nomlanadi. Xo‘jalik protsessi – xo‘jalik sudlov

    ishlarini yuritish jarayoni sanaladi, xo‘jalik protsessual huquqi esa ana shu

    jarayonni o‘rganadi va huquqiy tartibga soladi, protsessual huquq institutlariga

    oid dolzarb muammolarni aniqlab, ular ustida muhim ilmiy tadqiqot ishlarini olib

    boradi.

    Xo‘jalik protsessi bosqichlari – xo‘jalik sudlarida xo‘jalik sudlov ishlarini

    yuritishda nizoni hal qilish maqsadida protsessual harakatlarning tizimli va

    ketma-ketlikda amalga oshirilishi hamda maqsad va vazifalariga ko‘ra

    bo‘linishiga aytiladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining moddiy shakli xo‘jalik protsessi

    bosqichlari va unda amalga oshiriladigan protsessual harakatlarda ko‘rinadi va

    xo‘jalik sudlov ishlarini yuritishning aniq bajariladigan joyi, tartibi, shakli va

    mazmuni sifatida ifodalanadi.

    Xo‘jalik protsessi bosqichlari:

    birinchi instansiya xo‘jalik sudida ish yuritish (II bo‘lim); apellyatsiya instansiyasida ish yuritish (21-bob); kassatsiya instansiyasida ish yuritish (22-bob); nazorat tartibida ish yuritish (23-bob); xo‘jalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan

    holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish (24-bob);

    sud hujjatlarini ijro etish ( IV bo‘lim).

    Ish bo‘yicha xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish yuqorida ko‘rsatilgan

    bosqichlardan ketma-ketlikda olib boriladi. Har bir bosqichdagi odil sudlov

    jarayoni mustaqil sud hujjatini qabul qilish bilan yakunlanadi. Ammo muayyan

  • 23

    ish xo‘jalik protsessining barcha bosqichlaridan o‘tishi shart emas. Ishni ko‘rish

    birinchi instatsiya sudida hal qiluv qarori qabul qilinishi bilan yakunlanib, boshqa

    bosqichlarni chetlab ijro bosqichiga ham o‘tishi mumkin. Agar sudning qonuniy

    kuchga kirmagan hal qiluv qarori yuzasidan apellyatsiya shikoyati berilgan

    bo‘lsa, ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgandan keyingina ijro

    bosqichiga o‘tish mumkin.

    Xo‘jalik protsessining belgilari:

    xo‘jalik protsessual huquqiy munosabatlarning zaruriy sub’ekti sifatida xo‘jalik sudi qatnashadi;

    sud va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquqiy harakatlari huquqiy, xo‘jalik protsessual huquqiy harakatlar bo‘lishi

    kerak.

    xo‘jalik protsessining ob’ekti, predmeti xo‘jalik sudlariga taalluqli

    ishlar bo‘lishi kerak.

    NAZORAT UCHUN SAVOLLAR:

    1. Sud-huquq islohotlari sharoitida Xo‘jalik protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini tushuntiring.

    2. O‘zbekistonda xo‘jalik sudlarining tashkil topishi va rivojlanishini izohlab bering.

    3. Xo‘jalik protsessual huquqi sohasining ilmiy o‘rganilganlik darajasini sharhlab bering.

    4. Xo‘jalik sudlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikativ texnologiyalarini joriy etishning afzalliklarini ochib bering.

    KAZUSLAR:

    1-kazus

    Da’vogar – “I” xususiy korxonasi bilan javobgar – “A” mas’uliyati

    cheklangan jamiyati o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan da’vogar

    javobgarga 10 000 000 so‘mlik qurilish materiallari уetkazib berishi, javobgar

    esa olingan mahsulotlar uchun 30 kun ichida kelishilgan mablag‘ni to‘lab berishi

    lozim edi. Lekin, javobgar tomonidan da’vogar talabnoma yuborgandan keyin

    ham to‘lov amalga oshirilmagan, da’vogar 10 000 000 so‘mni undirish

    to‘g‘risida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Da’vo arizasi ish

    yurituvga qabul qilinib, sud muhokamasiga tayinlanishi to‘g‘risida ajrim

    chiqarilib, taraflarga yuborilgan. Sud muhokamasida aniqlanishicha, da’vogar

  • 24

    tomonidan yuborilgan da’vo arizasi sudga уetib kelmasdan oldin javobgar

    to‘lovni to‘liq amalga oshirgan.

    Savol: Sud ushbu holda da’voni qanoatlantiradimi yoki yo‘qmi? Bunday

    holatda sud xarajatlari kimning zimmasiga yuklanadi? Nizoni sudgacha hal

    etish tartibi va kelishuv bitimi haqida nimalarni bilasiz? Uning afzalliklari

    qanday?

    2-kazus

    Xo‘jalik sudi “Tabiat” shirkat xo‘jaligi da’vosi bo‘yicha “Istiqlol” shirkat

    xo‘jaligidan 1 000 000 so‘m asosiy qarzni undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori

    qabul qilgan. Bu hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, “Istiqlol” shirkat xo‘jaligi hal

    qiluv qarorini olgandan keyin ikki oy o‘tgach kassatsiya shikoyatini viloyat

    xo‘jalik sudi orqali Oliy xo‘jalik sudiga yuborish uchun topshirgan.

    Xo‘jalik sudining sudyasi o‘z ajrimi bilan ushbu hal qiluv qarori bo‘yicha

    shikoyat apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmaganligini asos qilib kassatsiya

    shikoyatini qaytargan.

    Savol: Sudyaning ajrimi asoslimi?Xo‘jalik sudlov ishlarini yuritish va

    fuqarolik sudlov ishlarini yuritishning o‘xshash va farqli jihatlarini tahlil qiling.

  • 25

    2-BOB. XO‘JALIK PROTSESSUAL HUQUQINING PRINSIPLARI

    1. Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplari tushunchasi va ahamiyati

    Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarining mazmun-mohiyatini tahlil

    qilishdan avval “prinsip” so‘zining ma’nosini anglab olish lozim.

    “Prinsip” so‘zi lotincha “principium” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida asos, qoida, negiz,

    degan ma’noni anglatadi.

    Demak, xo‘jalik protsessual huquqining prinsiplari ham mazkur

    huquq sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda hamda

    qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida boshlang‘ich asos

    bo‘lib xizmat qiladi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining prinsiplari xo‘jalik protsessual

    qonunchiligi mazmuniga singdirilgan asosiy ko‘rsatmalar sifatida,

    odatda odil sudlovni sifatli, tartibli amalga oshirish, xo‘jalik protsessi

    ishtirokchilari xatti-harakatlarini maqsadli yo‘naltirish, ish bo‘yicha

    ob’ektiv haqiqatni aniqlash, qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror

    chiqarish vazifalariga xizmat qiladi.

    Yuridik adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, xo‘jalik protsessining

    prinsiplari barcha protsessual institutlarning tizimi va ularning mavjud

    taraflarining ochib beruvchi umumiy rahbariy qoidalarni tashkil etadi. Xo‘jalik protsessual huquqining prinsiplari bu qonunda mustahkamlangan, protsessual

    institutlarning barcha tizimlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan, xo‘jalik ishlarini to‘g‘ri, o‘z

    vaqtida ko‘rib chiqish va hal etishda odil sudlovni ta’minlaydigan asosiy rahbariy qoidalardir.

    Xo‘jalik sudlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Xo‘jalik

    protsessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda XPK deb yuritiladi) hamda “Sudlar

    to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlangan prinsiplarga rioya qilgan holda o‘z

    faoliyatini amalga oshiradilar.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2007

    yil 15 iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston

    Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi

    qarorida ham xo‘jalik sudlarining e’tibori nizolarni O‘zbekiston

    Respublikasining Konstitutsiyasi, Xo‘jalik protsessual kodeksi va boshqa qonun

    hujjatlariga qat’iy rioya etgan, taraflarning tengligi, sud ishlarini yuritishning

    http://lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=20596http://lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=185986

  • 26

    oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa prinsiplarini ta’minlagan

    holda hal etish zarurligiga qaratilishi ko‘rsatilgan.

    Demak, sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda ushbu

    prinsiplarga qat’iy rioya qilingan holda qonuniy, adolatli va asosli hal qiluv

    qarori chiqarilishini ta’minlaydi.

    Xo‘jalik protsessual huquqining qaysi bir prinsipini olmaylik har bir

    prinsipning ahamiyati uning boshqa prinsiplar bilan o‘zaro ta’siri va ularning

    hammasi xo‘jalik protsessining barcha bosqich va institutlariga nisbatan ta’siri

    bilan belgilanadi. Masalan, tortishuvchilik prinsipini erkin huquq prinsipisiz

    tushunib va amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu prinsip erkin huquq prinsipining

    davomi hisoblanadi. Bu ikki prinsip oshkoralik, og‘zakilik, bevositalik prinsipi

    qoidalari bilan mustahkamlangan bo‘lib, sud tomonidan ob’ektiv haqiqat

    aniqlanishini ta’minlaydi hamda protsess shitirokchilarining protsessual

    huquqlarini amalga oshirishini kafolatlaydi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplari xo‘jalik protsessual huquqi fanini rivojlanishida, xo‘jalik

    protsessual qonunchiligini takomillashtirishda hamda xo‘jalik sudlari tomonidan xo‘jalik ishlarini hal

    qilishdagi ahamiyati quyidagilar bilan belgilanadi:

    xo‘jalik sud ishlarini yuritishda sudning odil sudlovni amalga oshirishdagi rahbariy va yo‘naltiruvchi

    rolini belgilab beradi;

    xo‘jalik protsessual huquqining normalarini to‘g‘ri qo‘llash va huquq yoki qonun analogiyasi

    qo‘llaniladigan hollarda ishlarni to‘g‘ri hal etish imkoniyatini beradi;

    ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud protsessi davomida o‘z manfaatlarini himoya qilishning

    protsessual vositalaridan to‘liq ravishda foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi;

    xo‘jalik sud ishlarini yuritish vazifalarining to‘liq bajarilishini, ya’ni qonuniy, asosli va adolatli hal

    qiluv qarorini chiqarish yo‘li bilan fuqarolik ishlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rish hamda hal qilinishini

    ta’minlaydi;

    fuqarolar, tashkilotlar, davlat va jamiyat manfaatlarining himoya qilish bo‘yicha odil sudlovning

    umumiy maqsadlari va vazifalarini amalga oshirishni ta’minlaydi;

    xo‘jalik protsessual huquq sohasini istiqboldagi rivojlanishini oldindan belgilab beradi.

    2. Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarining tasnifi

    Xo‘jalik ishlarini ko‘rish va hal qilishda xo‘jalik sudlari tomonidan

    chiqarilayotgan qarorlarning adolat mezonlariga qanchalik mos kelish yoki

    kelmasligi xo‘jalik protsessining prinsiplariga nechog‘lik amal qilingan-

    qilinmaganligiga bog‘liqdir. Chunki ushbu prinsiplar-ning qaysi birini olmaylik,

    masalan, qonun va sud oldida tenglik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi,

    sudda ish ko‘rishning bevositaligi, oshkoralik va boshqa prinsiplarning mazmun-

    mohiyatida xalqning xohish-irodasi, adolat to‘g‘risidagi huquqiy qarashlari,

    g‘oyalari singdirilgan. Shu nuqtai-nazardan aytadigan bo‘lsak, ushbu prinsiplar

    bir-birlari bilan uzviy bog‘liqdir.

  • 27

    Huquq nazariyasida huquq prinsiplarini uch guruhga, ya’ni umumhuquqiy, sohalararo va sohaviy

    prinsiplarga ajratish keng tarqalgan. Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarini ham umumhuquqiy, sohalararo

    va sohaviy prinsiplarga ajratib tasniflash mumkin:

    umumhuquqiy prinsiplar barcha huquq sohalari uchun umumxarakterga ega bo‘lganligi bilan

    izohlanadi. Masalan, ushbu prinsiplarga – demokratizm, insonparvarlik, qonuniylik va boshqa prinsiplarni

    kiritishimiz mumkin.

    sohalararo prinsiplar huquq sohasini tartib soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan

    prinsiplar, boshqa huquq sohasi uchun ham amal qiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik

    protsessual kodeksida belgilangan sudyalarning mustaqilligi, taraflarning tengligi va tortishuvi, ishlarni yakka

    va hay’at tomonidan ko‘rilishi, bevositalik, oshkoralik, sud ishlari yuritiladigan til kabi prinsiplar ham

    O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksida belgilangan hamda xo‘jalik protsessual huquqi

    sohasi uchun ham amal qiladi.

    sohaviy prinsiplar har bir huquq sohasining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib tatbiq etiladigan

    prinsiplarni nazarda tutadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi XPKning 128-moddasida ishni ko‘rishning

    uzluksizligi prinsipi musstahkamlangan. Demak, ushbu prinsip mazkur huquq sohasining sohaviy

    prinsiplaridan biri hisoblanadi.

    Yuridik adabiyotlarda ham xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarini tasnifi to‘g‘risida fikrlar

    bildirilgan. Masalan, huquqshunos olim Sh.Sh.Shoraxmetov xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarini ikki

    guruhga: birinchidan, sud tuzilishi hamda sud ishlarini yuritishga oid umumiy prinsiplarga va ikkinchidan,

    faqat sud ishlarini yuritishga xos prinsiplarga ajratadi.

    F.Ibratova xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarini konstitutsiyaviy hamda xo‘jalik protsessual huquqida

    mustahkamlangan prinsiplarga ko‘ra tasniflaydi. Uning fikricha, iqtisodiyot sohasi va uni boshqarish

    jarayonlarida vujudga keladigan xo‘jalik nizolari yuzasidan odil sudlovni amalga oshirishning konstitutsiyaviy

    prinsiplariga quyidagilar kiradi: O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari tizimi yagonaligi prinsipi, odil

    sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi prinsipi, sudyalarning saylanishi va tayinlanishi prinsipi,

    xo‘jalik sudlari sudyalarining mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipi, xo‘jalik sudlari

    sudyalarining daxlsizligi prinsipi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi prinsipi sud ishlarini yuritishda til

    prinsipi; sud hokimiyati hujjatlarining majburiyligi prinsipi. Xo‘jalik protsessual huquqi tomonidan

    mustahkamlangan prinsiplar: qonuniylik prinsipi, dispozitivlik prinsipi, qonun va sud oldida tenglik prinsipi,

    ishlarni yakka va hay’atda ko‘rilishi prinsipi, protsessning ko‘p marotaba bo‘lishi prinsipi, taraflarning

    tortishuvi va teng huquqliligi prinsipi, sud muhokamasining og‘zakiligi prinsipi, sud muhokamasining

    bevositaligi prinsipi, taraflarning vakilligi prinsipi, sud muhokamasining uzluksizligi prinsipi.

    Xo‘jalik protsessual huquqi prinsiplarini turli xil mezonlarga ko‘ra tasniflash

    amalga oshirilgani bilan ular bir-biriga o‘zaro aloqador hamda chambarchas

    bog‘liqdir. Chunki, prinsiplardan ba’zilari boshqa prinsiplarning qoidalarini

    to‘ldiradi va rivojlantiradi, boshqa hollarda ayrim prinsiplar boshqalarining

    kafolati sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, birgina dalillarni tekshirishning

    bevositaligi prinsipini buzilishi, qoida tariqasida boshqa prinsip – qonuniylik

    prinsipining yoki butun prinsiplar zanjirining buzilishiga olib keladi.

    3. Xo‘jalik protsessual huquqining konstitutsiyaviy prinsiplari

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida odil sudlovning faqat sudlar

    tomonidan amalga oshirilishi, sudyalarning saylanishi va tayinlanishi,

  • 28

    sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, qonun va sud

    oldida tenglik, sud ishlari yuritiladigan til, sud ishlarni ko‘rishning oshkoraligi,

    sud hujjatlarining majburiyligi kabi sud ishlarini yuritishning konstitutsiyaviy

    prinsiplarini mustahkamlanishi xo‘jalik sud ishlarini yuritish tartib taomillarni

    belgilab berishda, fuqarolar va tashkilotlarning huquq va qonun bilan

    qo‘riqlanadigan manfaatlarini xo‘jalik sudlari tomonidan samarali himoya

    qilinishini amalda ta’minlaydi.

    Xo‘jalik sudining odil sudlovni amalga oshirishi prinsipi. O‘zbekiston

    Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston

    Respublikasida odil sudlov faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur

    prinsip O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining 2-moddasida

    ham mustahkamlangan bo‘lib, unga ko‘ra xo‘jalik sudi iqtisodiyot sohasida

    vujudga keladigan, Xo‘jalik protsessual kodeksi va boshqa qonunlar bilan

    o‘zining vakolatiga kiritilgan nizolar hamda boshqa ishlarni hal qilish yo‘li bilan

    odil sudlovni amalga oshiradi.

    Odil sudlovni faqat sudlar tomonidan amalga oshirilish prinsipi nafaqat

    xo‘jalik protsessual huquqiga, balki fuqarolik protsessual huquqi, jinoyat

    protsessual huquqiga ham xos konstitutsiyaviy prinsip hisoblanib, o‘zining

    maqsad va vazifalariga ko‘ra huquqiy munosabatning turidan qat’i nazar, faqat

    odil sudlovni amalga oshiradi. Demak, odil sudlovni sud tizimining qaysi

    bo‘g‘inidagi sudlar amalga oshirishidan qat’i nazar, ularning asosiy vazifasi

    fuqarolar, korxona, muassasa hamda tashkilotlarning huquq va qonun bilan

    qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, qonuniy, asosli va adolatli xukm,

    hal qiluv qarorlari qabul qilishdir. Bu esa mazkur prinsipni ushbu huquq sohalari

    uchun mushtarakligidan dalolat beradi.

    Qonun va sud oldida tenglik prinsipi. O‘zbekiston Respublikasining

    Konstitutsiyasi, XPKning 7-moddasi va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-

    moddasida belgilangan. Mazkur prinsip xo‘jalik sud ishlarini yuritishga xos

    konstitutsiyaviy prinsip hisoblanadi.

    O‘zbekiston Respublikasi XPKning 7-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik sudida nizolarni hal qilish korxonalar,

    muassasalar va tashkilotlarning mulkchilik shaklidan, qaerda joylashganligi, kimga bo‘ysunishidan qat’i

    nazar, fuqarolarning esa – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy

    mavqeidan, shuningdek boshqa holatlardan qat’i nazar qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.

    Qonun va sud oldida tenglik prinsipi odil sudlovni amalga oshirishda katta

    ahamiyat kasb etadi. O‘z mazmuniga ko‘ra u barcha xo‘jalik sud ishlari yuritish

    ishtirokchilariga tegishli bo‘ladi. Shuningdek, mazkur prinsip chet el

    tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan

    chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham tegishlidir. Chet el

  • 29

    tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan

    chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining buzilgan yoki

    nizolashilayotgan huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini

    himoya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasining xo‘jalik sudlariga murojaat

    qilish huquqiga ega.

    Chet ellik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolari bilan

    baravar protsessual huquqlardan foydalanadilar va protsessual majburiyatlarni

    bajaradilar.

    Sudlarida O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va fuqarolarining

    protsessual huquqlariga nisbatan maxsus cheklashlarga yo‘l qo‘yilayotgan

    davlatlarning shaxslariga nisbatan javob tariqasida O‘zbekiston Respublikasi

    hukumati cheklashlar belgilashi mumkin (XPKning 221-moddasi).

    Xo‘jalik sudi sudyalarining mustaqilligi prinsipi. Mazkur prinsip

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasi, XPKning 5-

    moddasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston

    Respublikasi XPKning 5-moddasiga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda

    xo‘jalik sudining sudyalari mustaqildirlar va faqat qonunga bo‘ysunadilar.

    Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron bir

    tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq

    javobgarlikka sabab bo‘ladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil

    2 avgustdagi “Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan

    yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2012 yil

    30 noyabrdagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-

    tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlarining qabul qilinishi sudyalarning mustaqilligini

    mustahkamlashda va ularning ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishni

    kuchaytirishda, odil sudlovni sifatini oshirishda hamda sudya kadrlarni tanlash va

    ularni tayinlash (saylash)da, sudyalikka qo‘yilgan talablarni samarali tizimini

    joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

    Sudyalarning mustaqilligi prinsipining amal qilishi odil sudlovning

    fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning, ular o‘rtasidagi

    nizolarni hal etishning samarali vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Odil sudlovni

    amalga oshirish jarayonida sudya to‘liq mustaqil bo‘lib, faqatgina qonunga

    bo‘ysunishi kerak.

    O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonuniga ko‘ra, sudyalar

    mustaqilligining asosiy kafolatlarini siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy kafolatlarga ajratish mumkin.

    Sudyalar mustaqilligining siyosiy kafolatlariga: sudyalarning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi

    hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan hamda boshqa jamoat tashkilotlardan mustaqil ish yuritishi kiradi.

    Sudyalar mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlariga: sudyalarning ish haqi lavozim maoshidan,

  • 30

    malaka darajasi, ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan ustama haqlari, sudyalar o‘z xizmat vazifalarini

    bajarishi munosabati bilan olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan

    ozod etilishi, sudyalarga har yili o‘ttiz olti ish kunidan iborat haq to‘lanadigan ta’til berilishi, sudyalarning

    hayoti va sog‘lig‘i davlatning maxsus muhofazasida bo‘lishi hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan

    davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinishi, vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik

    ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash uchun hujjatlari ko‘rib

    chiqiladigan davrda yoxud yangi ish joyiga ishga joylashtirilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha

    saqlab qolinishi, sudyalarga ularning vakolatlari tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki

    tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) berilishi, bunday ish (lavozim) mavjud

    bo‘lmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishini kiritish mumkin.

    Sudyalar mustaqilligining huquqiy kafolatlariga: sudyalarning dahlsizligi, ularning qonunda

    belgilangan tartibda sudyalikka saylash, tayinlash va sudyalikdan ozod qilish, qaror chiqarish chog‘ida

    sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishni ta’qiqlanishi, sudyaga nisbatan

    hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik, sud ishlarini hal qilishga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi kiradi. O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 67-moddasiga ko‘ra, sudyaning

    daxlsizligi sudyalarning mustaqilligi prinsipini amalda ta’minlash kafolatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston

    Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 70-moddasida ko‘rsatilishicha, sudyaning shaxsi daxlsiz.

    Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga,

    xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir. Sudya tegishincha O‘zbekiston Respublikasi

    Oliy xo‘jalik sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi mumkin emas. Sudya

    sudyalarning tegishli malaka hay’atining roziligisiz ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

    Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan

    kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani

    shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli

    ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi

    prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining

    ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.

    Sudyalarning mustaqilligi Xo‘jalik protsessual kodeksining bir qator

    huquqiy nomalaridan ham mustahkamlangan. Masalan, Xo‘jalik protsessual

    kodeksining 135-moddasiga ko‘ra, hal qiluv qarori sud majlisida ishni ko‘rish

    tugagandan keyin alohida xonada qabul qilinadi. Hal qiluv qarorini qabul qilish

    vaqtida xonada ishni ko‘rayotgan xo‘jalik sudi tarkibiga kiruvchi sudyalargina

    bo‘lishi mumkin. Shuningdek, xo‘jalik sudida ish hay’atda ko‘rilayotganda va

    hal qilinayotganda kelib chiqadigan masalalar bo‘yicha sudyalarning qaroriga

    qo‘shilmagan sudya o‘zining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishga haqli

    (XPKning 16-moddasi).

    Bundan tashqari, Xo‘jalik protsessual kodeksining

    61-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama,

    to‘liq va xolis tekshirishga asoslangan o‘z ichki komil ishonchi bo‘yicha

    baholashi, hech qanday dalil xo‘jalik sudi uchun oldindan belgilab qo‘yilgan

    kuchga ega emasligi ham sudyalarning mustaqilligini protsessual jihatdan

    amalda kafolatlaydi.

    Sud ishlari yuritiladigan til prinsipi. Mazkur prinsip O‘zbekiston

    Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasi, XPKning 10-moddasi hamda

    “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.

  • 31

    XPKning 10-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik sudida sud ishlari o‘zbek tilida,

    qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib

    boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilarining

    tarjimon yordamida ishga taalluqli materiallar bilan to‘la tanishish va sud

    ishlarida ishtirok etish hamda o‘z ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi. Turli

    davlatlarning korxona, muassasa va tashkilotlari o‘rtasidagi xo‘jalik nizolari

    sudning ajrimiga binoan taraflar uchun maqbul tilda olib boriladi.

    Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunning

    qabul qilinishi sud ishlari yuritiladigan til prinsipini huquqiy jihatdan yana bir bor

    mustahkamladi.

    O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning

    8-moddasi ikkinchi qismida sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda

    qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va

    sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi

    ta’minlanishi belgilangan. Bu shaxslar o‘z ona tilida yoki o‘zi tanlagan tilda

    so‘zga chiqish va tushuntirish berish huquqiga ega, shuningdek, ular tarjimon

    bilan ta’minlanishi shart bo‘lib, bu huquq ularga nafaqat tushuntiriladi, balki ular

    bunday huquq bilan ta’minlanadi.

    Sud ishlari yuritiladigan til prinsipi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud

    majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslarga jarayonning tushunarli, shu bilan birga

    sudda ish ko‘rishning tarbiyaviy xarakterda bo‘lishini ta’minlaydi. Sud ishlari

    yuritiladigan til prinsipiga rioya etilishi ish holatlarini to‘g‘ri aniqlashiga

    qonuniy, asosli hal qiluv qarori chiqarilishiga ko‘maklashadi.

    Sud ishlari yuritiladigan til prinsipiga binoan xo‘jalik sudida sud ishlari

    qaysi tilda va yozuvda olib borilgan bo‘lsa, o‘sha tilda va yozuvda sud majlisi

    bayonnomasi va sud qarori yozilgan bo‘lishi shart.

    Eslab qoling! XPKning 170-moddasiga binoan ishni ko‘rishda sud ishi yuritiladigan til to‘g‘risidagi qoidalarning

    buzilishi protsessual huquq normalarining buzilishi hisoblanib, har qanday holda ham birinchi instansiya

    xo‘jalik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

    Sud ishlarini ko‘rishning oshkoraligi prinsipi. Mazkur prinsip O‘zbekiston

    Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning

    7-moddasi, XPKning 8-moddasida mustahkamlangan.

    Xo‘jalik protsessual kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik sudlarida

    ishlar oshkora ko‘riladi. Davlat sirini yoki tijorat sirini saqlash zarur bo‘lgan

    taqdirda ishni yopiq majlisda ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi. Ishni yopiq majlisda

    ko‘rish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

  • 32

    Ishni yopiq majlisda videokonferensaloqa rejimida ko‘rishga yo‘l

    qo‘yilmaydi.

    Xo‘jalik sud ishlarini yuritishning oshkoraligi prinsipi quyidagi ahamiyati bilan ajralib turadi:

    birinchidan, oshkoralik bu sudlarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishining

    muhim kafolati hisoblanadi;

    ikkinchidan, oshkoralik prinsipi jamoatchilikning odil sudlov ustidan nazorat yuritishni ta’minlaydi;

    uchinchidan, mazkur prinsip muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, u jarayonda ishtirok

    etuvchilar va tadbirkorlar qonunni buzsa qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqishi haqida ogohlantiradi;

    to‘rtinchidan, oshkoralik prinsipi sud hokimiyatining qandayligini, bu to‘g‘risida aholini ma’lum bir

    sud jarayoni haqida ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlaydi;

    beshinchidan, odil sudlovni amalga oshirishda xalq nazoratining o‘ziga xos shakli hisoblanadi.

    Sud hujjatlarining majburiyligi prinsipi. Ushbu prinsip Xo‘jalik

    protsessual kodeksi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlangan.

    O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining

    5-moddasiga ko‘ra, sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari,

    korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun

    majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi

    shart.

    O‘zbekiston Respublikasi XPKning 14-moddasiga binoan xo‘jalik sudi hal qiluv qarori, ajrim,

    qaror, sud buyrug‘i shaklidagi sud hujjatlarini qabul qiladi.

    Sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati barcha davlat organlari,

    fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar,

    muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy

    bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.

    Xo‘jalik sudi qabul qilgan sud hujjatlarini bajarmaslik Xo‘jalik protsessual

    kodeksida va boshqa qonunlarda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

    Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish

    to‘g‘risida”gi Qonunning 81-moddasiga ko‘ra ijro hujjati topshirilgan bank yoki boshqa kredit tashkiloti pul

    mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun ularga sud tomonidan undirilishi lozim

    bo‘lgan summaning ellik foizigacha miqdorda jarima solinadi.

    Shuningdek, Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2007 yil 15 iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni

    ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi 162-son

    Qarorida ko‘rsatilishicha, XPKning 14-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati

    barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar,

    muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston

    Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Sudya tomonidan imzolangan sud hujjatlari ishda

    qoldirilishi sababli, uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladigan nusxalari gerbli muhr bilan

    tasdiqlanishi lozim.

    http://lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=185986#209182

  • 33

    Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, ushbu prinsip ham barcha

    davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat

    birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va

    fuqarolar uchun odil sudlov hujjatlarini ijrosini to‘liq ta’minlash, ularning

    buzilga